Jizzax viloyatida Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘iga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati axborot berdi.
Ma’lum qilinishicha, mansabdor shaxs o‘z xizmat vakolatidan foydalanib, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan birida tekshiruv o‘tkazmaslik evaziga muassasa rahbaridan 4,8 million so‘m miqdorida pora talab qilgan. U so‘ralgan pul mablag‘ini tamagirlik yo‘li bilan olayotgan vaqtida Prokuratura va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (tamagirlik yo‘li bilan pora olish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.