Shavkat Mirziyoyev 2-dekabr kuni Jizzax viloyatiga tashrifi davomida yo‘l infratuzilmasi va boshqa yirik loyihalar bilan tanishdi. Taqdimot chog‘ida davlat rahbariga hududda amalga oshirilayotgan atom energetikasi loyihalarining borishi haqida batafsil axborot berildi.

Ma’lum qilinishicha, Jizzax viloyatida ikkita kam quvvatli va ikkita yirik reaktordan iborat integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi qurilishi boshlangan. Hozirgi bosqichda reaktor binosi uchun kotlovan qazish ishlari faol davom etayotgani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, qurilish-montaj bazasida yer tekislash, betonlash va armatura o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Quruvchilar uchun vaqtinchalik turar-joy majmuasi ham barpo etilgan.
Ta’kidlanishicha, AES qurilishi uchun zarur bo‘lgan materiallarni mahalliylashtirish, oliygohlarda soha bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni kengaytirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, bo‘lajak atom elektr stansiyasida faoliyat yuritadigan mutaxassislar va ularning oilalari uchun 10 ming kishiga mo‘ljallangan monoshaharcha barpo etilishi ma’lum qilindi. U AES joylashgan hududdan 16 kilometr masofada quriladi va barcha zarur infratuzilma, ijtimoiy hamda xizmat ko‘rsatish obyektlarini o‘z ichiga oladi.