O‘zbekistonda tasdiqlangan ro‘yxatdagi kitoblarni o‘qigan ayrim mahkumlarning ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddati qisqartirilishi mumkin. Bu norma prezident tomonidan 15-yanvar kuni imzolangan qonunda belgilandi.

Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, Jinoyat-ijroiya kodeksining 73-moddasi 4-qismi yangi tahrirda belgilandi. Unga ko‘ra, umrbod ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar bundan mustasno bo‘lib, boshqa mahkumlar jazoni o‘tash davrida ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan adabiyotlar ro‘yxatidagi kitoblarni o‘qigan taqdirda rag‘batlantiriladi.
Har bir o‘qilgan kitob uchun jazo muddati 3 kunga qisqartiriladi. Biroq bir yil davomida qisqartiriladigan muddat 30 kundan oshmasligi belgilangan.
Mahkumning kitob o‘qiganligi fakti uning jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatiga bergan arizasiga asosan aniqlanadi. Jarayon jazoni ijro etish muassasasi xodimlari va jamoatchilik vakillaridan iborat maxsus komissiya tomonidan amalga oshiriladi. Komissiya yig‘ilishlari yiliga kamida ikki marotaba o‘tkaziladi.
Imtihon natijalariga ko‘ra, komissiya mahkum tomonidan kitob o‘qilganini tasdiqlash yoki rad etish haqida xulosa chiqaradi. Ushbu xulosa nusxasi prokurorga yuboriladi, mahkumga imzo evaziga topshiriladi hamda uning himoyachisiga so‘rov asosida taqdim etiladi.
Kitob o‘qiganlik fakti tasdiqlangach, jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati sudga mahkumning jazoni o‘tash muddatini qisqartirish to‘g‘risida taqdimnoma kiritadi. Jazo muddati yakuniy tartibda sud qarori asosida qisqartiriladi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu qonunchilik tashabbusi ilk bor 2025-yil fevral oyida Qonunchilik palatasi yig‘ilishida ilgari surilgan. Qonun mahkumlarni kitobxonlikka va ijtimoiy foydali mashg‘ulotlarga jalb etish orqali ularni axloqan tuzatish samaradorligini oshirishga qaratilgani bilan izohlangan.