Kredit-axborot tahliliy markazi (KATM) ilovasida foydalanuvchilar uchun uchta yangi xizmat joriy etildi. Bu haqda idora axborot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, endilikda “Ishonchli kafil” xizmati orqali fuqaro kafil bo‘lishidan avval qarz oluvchining kredit tarixi bilan tanishishi mumkin. Xizmat qarz oluvchining mavjud majburiyatlari, ularning bajarilish holati hamda skoring bali haqidagi ma’lumotlarni ko‘rish imkonini beradi.
Shuningdek, “Kimga kafilman” xizmati foydalanuvchilarga ayni paytda qaysi shaxslar bo‘yicha kafil ekanini aniqlash, mavjud kafillik majburiyatlarini nazorat qilish va moliyaviy risklarni baholash imkonini yaratadi.
Bundan tashqari, “Muddati o‘tgan to‘lovlar” xizmati orqali foydalanuvchi asosiy qarzdorlik bo‘yicha 90 kundan ortiq kechiktirilgan to‘lovlarga oid ma’lumotlarning kredit tarixidan chiqarilishi jarayonini kuzatib borishi mumkin.
“Bankxabar” Telegram kanalining yozishicha, ushbu yangiliklar foydalanuvchilarga kafillik majburiyatlarini ongli boshqarish, moliyaviy xavflarni oldindan baholash va kredit tarixini nazorat qilishda qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.
Shu bilan birga, Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi banklarda muammoli kreditlar hajmi bir yil ichida 3,1 trillion so‘mga kamaygan. Jumladan, davlat banklari 1,5 trillion so‘m, xususiy banklar esa 1,6 trillion so‘mlik muddati o‘tgan qarzlarni so‘ndirishga erishgan.
2026-yil 1-yanvar holatiga respublika banklarining jami kredit qoldig‘i 604 trillion so‘mni tashkil etgan. Shundan 18,1 trillion so‘mi yoki 3 foizi muammoli kreditlar hisoblanadi. Taqqoslash uchun, 2025-yil 1-yanvarda umumiy kreditlar hajmi 533,1 trillion so‘m bo‘lib, uning 21,2 trillion so‘mi muddati o‘tgan qarzlar edi.
Markaziy bank tahliliga ko‘ra, muammoli kreditlarning 70 foizi — 12,8 trillion so‘mi davlat banklariga, qolgan 5,2 trillion so‘mi esa xususiy banklarga to‘g‘ri kelgan.