O‘zbekistonda tuman va shahar madaniyat markazlariga kitob savdosi bilan shug‘ullanish vakolatini berish taklif qilinmoqda. Bu haqda “Kutubxonalar faoliyatini 2030-yilgacha rivojlantirish va kitob savdosi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida nazarda tutilgan.

Kl

Loyihaga ko‘ra, Madaniyat vazirligi 2027-yil 25-aprelga qadar madaniyat markazlari nizomini ishlab chiqishi va tasdiqlanishini ta’minlashi kerak.

Yangi nizomda madaniyat markazlariga kitob savdosi bilan shug‘ullanish vakolatini berish, shuningdek, kitob savdosini samarali yo‘lga qo‘ygan xodimlarni qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish mexanizmini belgilash taklif etilmoqda.

Kitob savdosi madaniyat markazlarida bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi

Loyihaga ko‘ra, kitob savdosini hududlardagi tuman va shahar madaniyat markazlarida bosqichma-bosqich tashkil etish rejalashtirilgan.

Buning uchun madaniyat markazlarining manzilli ro‘yxati shakllantirilib, savdo tizimi reja asosida yo‘lga qo‘yiladi.

Kitob savdosini samarali tashkil qilgan xodimlarni moddiy rag‘batlantirish har olti oyda bir marta amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

“Kitob karvoni” aksiyalari tashkil etiladi

Qaror loyihasining asosiy yo‘nalishlaridan biri kutubxonalar faoliyatini rivojlantirish bilan birga kitob savdosi tizimini takomillashtirishdan iborat.

Hujjatda hududlarda yangi adabiyotlarni mualliflar ishtirokida targ‘ib qilish, eng ko‘p o‘qilgan kitoblar mualliflarini qo‘shimcha moliyaviy rag‘batlantirish hamda kitobxonlikni kengaytirishga qaratilgan boshqa choralar ham belgilangan.

Shuningdek, 2027-yildan boshlab har yili mart oyida “Kitob karvoni” aksiyalarini tashkil etish taklif qilinmoqda.

Aksiyalar doirasida ta’lim muassasalari, kutubxonalar va mahallalarga adabiy-ma’rifiy mavzudagi kitoblarni bepul yetkazib berish rejalashtirilgan.

Qaror loyihasi hozircha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, undagi takliflar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.