Shavkat Mirziyoyev 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tkazilgan tadbirda jazoni ijro etish muassasalaridagi ayollar uchun yangi imkoniyatlar yaratilishini ma’lum qildi.

Mahkuma

Ta’kidlanishicha, koloniyalarda jazoni o‘tayotgan ayollarning aksariyati faqat o‘rta ma’lumotga ega bo‘lib, kasb yoki hunarga ega emas. Ayrim mahkumalar esa oliy ta’lim olish istagini bildirgan. Shu sabab ular bilan manzilli ishlash maqsadida “Yangi hayot” dasturi yo‘lga qo‘yiladi.

Dastur doirasida jazoni o‘tayotgan ayollar 3–6 oy davomida kasb-hunar kurslarida o‘qitilib, tegishli sertifikatga ega bo‘ladi. Oliy ta’lim muassasasiga kirishni istaganlar esa jazoni ijro etish muassasalarining o‘zida imtihon topshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan mahkumalarga foizsiz ssuda ajratiladi. Bu mablag‘ ular jazoni o‘tab chiqib, ishga joylashgach qaytarilishi ko‘zda tutilgan.

Davlat rahbari turli sabablarga ko‘ra jinoyat sodir etgan ayollar ham jamiyatning bir qismi ekanini ta’kidladi. Ularning hayotini qayta yo‘lga qo‘yish, jamiyatga moslashishiga ko‘maklashish muhim ekani qayd etildi.