O‘zbekiston hukumati mahkumlarni jazoni o‘tash davrida o‘qigan kitoblari bo‘yicha test sinovlaridan o‘tkazish va ularning jazo muddatini qisqartirish tartibini tasdiqladi.

Qarorga ko‘ra, test sinovlari “E-mahkum” dasturi orqali tashkil etiladi. Testdan muvaffaqiyatli o‘tgan mahkumning jazo muddati har bir o‘qilgan kitob uchun uch kunga qisqartiriladi. Bunda bir yil davomida qisqartiriladigan muddat 30 kundan oshmasligi belgilangan. Mazkur tartib umrbod ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Mahkumlar test sinovlarini yiliga ikki marta topshirishi mumkin. Har bir kitob bo‘yicha 25 ta test savoli beriladi va har bir savolga javob berish uchun ikki daqiqa vaqt ajratiladi. Savollarning har biri 4 ball bilan baholanadi, maksimal natija esa 100 ballni tashkil etadi. Kamida 70 ball to‘plagan talabgor testdan muvaffaqiyatli o‘tgan hisoblanadi.

Qarorga muvofiq, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi har yili Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan hamkorlikda tavsiya etilgan adabiyotlar ro‘yxati asosida test savollarini ishlab chiqadi.

Imtihonlarni o‘tkazish va mahkumlarning adabiyotlarni o‘qiganlik faktini tasdiqlash vazifasi Jazoni ijro etish departamenti zimmasiga yuklatilgan.

Qayd etilishicha, test sinovlari mahkumlarning ma’naviy va axloqiy qadriyatlarga oid bilimlarini baholash hamda tavsiya etilgan adabiyotlarni qay darajada o‘zlashtirganini aniqlash maqsadida tashkil etiladi.

Test natijalaridan norozi bo‘lgan mahkum yoki uning himoyachisi besh ish kuni ichida sudga shikoyat kiritishi mumkin. Sud murojaatni ko‘rib chiqib, tegishli qaror qabul qiladi. Agar keltirilgan dalillar tasdiqlanmasa, test natijalari o‘zgarishsiz qoldiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil noyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tuzalish yo‘liga o‘tgan mahkumlarning jazo muddatini qisqartirishni nazarda tutuvchi qonunni ma’qullagan edi. O‘shanda ushbu tartib jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan 13,5 mingdan ortiq mahkumga tatbiq etilishi ma’lum qilingandi.