O‘zbekistonda ta’lim muassasalarida narkojinoyatlarning oldini olish maqsadida maxsus anonim xabar qutilari o‘rnatila boshlandi. Bu haqda “Hudud” informatsion dasturida ma’lum qilindi.

Giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashishga qaratilgan 2025–2026-yillarga mo‘ljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi doirasida ushbu yo‘nalishda bir qator yangi tartiblar joriy etilmoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, barcha maktablar va oliy ta’lim muassasalarida Ichki ishlar organlari tomonidan muhrlanadigan maxsus qutilar o‘rnatilmoqda. Ushbu qutilar orqali o‘quvchi va talabalar giyohvandlik, ekstremizm hamda boshqa huquqbuzarliklar haqida anonim tarzda xabar qoldirishi mumkin. Kelib tushgan murojaatlar huquq-tartibot idoralari tomonidan muntazam ravishda o‘rganib boriladi.
Mazkur tizim joriy etilgan ta’lim muassasalaridan biri Toshkent davlat transport universiteti hisoblanadi. Bu yerda giyohvandlikka qarshi kurashish, xavfsizlikni ta’minlash va belgilangan chekuv joylarini nazorat qilish bilan shug‘ullanuvchi “Qalqon” jamoatchilik talabalar guruhi faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, “Posbon” otryadi talabalari talabalar shaharchasi va unga tutash hududlarda jamoat tartibini saqlashga jalb qilingan.
Universitetda “tengdosh — tengdoshga” tamoyili asosida faoliyat yurituvchi yosh targ‘ibotchilar guruhi ham shakllantirilgan. Ular talabalar o‘rtasida profilaktik suhbatlar va davra uchrashuvlari o‘tkazib, salbiy illatlarning oqibatlari haqida tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Bu jarayonda ichki ishlar organlari hamda Ichki ishlar akademiyasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, Transport universiteti talabalarining tashabbusi bilan giyohvandlik va salbiy muhitning yoshlar hayotiga ta’sirini yorituvchi “Ko‘rinmas zanjir” nomli ijtimoiy videorolik ham tayyorlangan. Universitet hududidagi 7 ta talabalar turar joyining har birida anonim murojaatlar uchun maxsus qutilar o‘rnatilgan. Mas’ullarga ko‘ra, ushbu qutilar har uch kunda ochilib, kelib tushgan xabarlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi.
Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi 5 yil ichida O‘zbekistonda narkojinoyatlar soni 2 baravarga, noqonuniy muomaladan olingan narkotiklar musodarasi 67 foizga, sintetik giyohvandlik vositalari musodarasi esa 80 baravarga oshgani qayd etilgan.