Ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilar o‘rtasida dars soatlarini taqsimlash tartibi o‘zgargani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil 28-oktyabrda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining qo‘shma qarori bilan “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.
Yangi tartibga asosan, dars soatlarini taqsimlashda qo‘llaniladigan ustuvorlik mezonlari soni 19 tadan 10 taga qisqartirilgan. Ta’kidlanishicha, ushbu o‘zgarishlar pedagoglarning takliflari asosida ularning ish yuklamasini kamaytirish, dars soatlarini taqsimlash jarayonini soddalashtirish hamda uni yanada shaffof va adolatli tashkil etish maqsadida amalga oshirilgan.
Shuningdek, barcha pedagoglar uchun teng imkoniyat yaratish maqsadida ayrim mezonlar bekor qilingan. Jumladan, dunyoning top-1000 talik oliy ta’lim muassasalari bitiruvchisi bo‘lish yoki xalqaro hamda asosiy fan olimpiadalarida o‘quvchilari g‘olib bo‘lgan o‘qituvchilarga berilgan ustuvorlik mezonlari endilikda qo‘llanilmaydi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, yangi tizimda dars soatlarini taqsimlashda o‘qituvchilarning kasbiy salohiyati, pedagogik faoliyat natijalari, fan bo‘yicha bilimini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikatlari hamda zamonaviy kompetensiyalariga asosiy e’tibor qaratiladi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur tartib o‘z ustida muntazam ishlaydigan, yuqori kasbiy mahoratga ega hamda sifatli ta’lim bera oladigan pedagoglarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Yangi dars soatlarini taqsimlash tizimi 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab amaliyotga joriy etiladi.