“Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunga ayrim qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish bo‘yicha loyiha e’lon qilindi. Hujjatda ilk bor Maqbullashtirilgan kunduzgi taʼlim (part-time education) to‘g‘risidagi alohida modda kiritilishi taklif etilgan.

Loyiha bilan 16/1-modda kiritilmoqda, unga ko‘ra maqbullashtirilgan kunduzgi taʼlim oliy taʼlim tashkilotlarida muqobil taʼlimning kredit-modul tizimiga asoslangan shakli hisoblanadi. Ushbu ta’lim turi talabaga o‘qish bilan birga ishlash imkonini beradi hamda an’anaviy kunduzgi taʼlimga nisbatan ko‘proq moslashuvchan va vaqt jihatidan qulay bo‘ladi.
Mazkur taʼlim shaklida haftalik o‘quv yuklamasi kamaytiriladi, biroq o‘qish muddati uzaytiriladi. Jumladan, bakalavriat bosqichida o‘qish muddati 8 yilgacha, magistraturada esa 4 yilgacha belgilanishi mumkin.
Maqbullashtirilgan kunduzgi taʼlimni tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.