Ijtimoiy tarmoqlarda Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va O‘zbekiston tomonidan berilgan ta’lim to‘g‘risidagi diplomlar ushbu davlatlar hududida avtomatik tarzda tan olinishi haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan Bilim va malakalarni baholash agentligi rasmiy munosabat bildirdi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda xorijiy davlatlarda berilgan diplomlarni tan olish jarayoni “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqida”gi nizom asosida amalga oshiriladi.
Ushbu masalaga doir ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlar asossiz ekani bildirildi. Hozirgi kunda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Qozog‘iston davlatlari o‘rtasida diplomlarni o‘zaro avtomatik tan olish bo‘yicha xalqaro shartnoma mavjud emas.
Shuningdek, har bir davlatda xorijiy diplomlarni tan olish milliy qonunchilikda belgilangan tartib va talablar asosida amalga oshirilishi ta’kidlandi.