Olimlar Eynshteynning umumiy nisbiylik nazariyasi asosida Marsda vaqt Yerga qaraganda o‘rtacha bir sutkada 477 mikrosekundga tezroq o‘tishini hisoblab chiqdi. Tadqiqot natijalari The Astronomical Journal jurnalida chop etilgan bo‘lib, Space nashri bu haqda ma’lumot berdi.

Wv

Tadqiqotchilar vaqt farqini quyidagi omillarga asoslanib aniqladi:

  • Marsning tortishish kuchi Yerga nisbatan besh baravar zaif;
  • Qizil sayyoraning harakat tezligi va orbitasining cho‘zinchoqligi;
  • Quyosh, Yer va Oyning tortishish ta’siri.

Eynshteyn nazariyasiga ko‘ra, vaqt gravitatsiya kuchi va harakat tezligiga qarab sekinlashishi yoki tezlashishi mumkin. Shu sababli turli kosmik jismlar yaqinida vaqt turlicha o‘tadi.

Nega Marsda vaqt tezroq o‘tadi?

Mars Quyoshdan uzoqroq bo‘lgani uchun uning orbital tezligi pastroq. Bu Yerdagiga qaraganda vaqtning sekinroq o‘tishiga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, Mars orbitasining cho‘zinchoq shakli, shuningdek, uning Quyosh va Yer–Oy tizimiga nisbatan masofasi vaqtning butun Mars yili davomida o‘zgarib turishiga olib keladi.

Ushbu omillar yig‘indisi natijasida Marsdagi vaqt Yerga nisbatan tezroq o‘tadi — o‘rtacha sutkasiga 477 mikrosekund. Farq orbitadagi joylashuvga qarab ±226 mikrosekundgacha o‘zgarishi mumkin.

Olimlarning ta’kidlashicha, bu kichik vaqt farqi kelajakda Marsda navigatsiya tizimlari, kosmik apparatlar sinxronizatsiyasi va ikki sayyora o‘rtasidagi aloqa uchun muhim bo‘ladi. Mars missiyalari ko‘payishi bilan bunday nozik tafovutlar hisobga olinishi talab etiladi.