Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi maʼlum qilishicha, matematika fanidan asosiy olimpiadaning tuman (shahar) bosqichi test savollari respublika bo‘ylab noqonuniy tarqatilgan.

Maʼlumki, 14-oktyabrdan maktab o‘quvchilari uchun asosiy fan olimpiadasining ikkinchi bosqichi — tuman (shahar) bosqichi boshlangan edi. Ushbu bosqich 14–23-oktyabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 14-oktyabr kuni matematika fanidan olimpiada 3 smenada tashkil etilgan.
Ammo ijtimoiy tarmoqlarda test savollari ertalab soat 7:00 da tarqalib ketgani qayd etilgan. Ayrim pedagoglarning maʼlumotiga ko‘ra, test savollari 800 ming so‘mgacha narxda sotilgan, kunning ikkinchi yarmida esa ularning narxi 200 ming so‘mgacha tushgan.
Mazkur holat haqida “Iqtidorlar maktabi” nomli Telegram kanalida ham post eʼlon qilingan.
Fan olimpiadalari markazi matematika fanidan 10-sinflar uchun test savollarini olimpiada yakunlangach, soat 15:58 da rasmiy Telegram sahifasida joylashtirgan. Shundan so‘ng pedagoglar erta tongda tarqalgan testlar bilan taqqoslab, ular bir xil ekanini aniqlashgan.
Agentlik hozirda mazkur holat yuzasidan tegishli o‘rganish ishlarini olib bormoqda.
“Bu holatga sababchi shaxslar aniqlanmoqda va ular amaldagi qonunchilik doirasida javobgarlikka tortiladi”, — deyiladi agentlik bayonotida.
Shuningdek, matematika fanidan asosiy olimpiadaning tuman (shahar) bosqichi 9-, 10- va 11-sinflar uchun qayta o‘tkaziladi.