Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Mehnat xavfsizligini boshqarish tizimi to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlandi.

Prezidentning «Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda ishlab chiqarish muhiti to‘g‘risidagi 155-sonli Konvensiyasi (Jyeneva, 1981 yil 22 iyun) qoidalarini milliy qonunchilikka joriy (implementatsiya) qilish vazifasi belgilangan.

Hujjat bilan Mehnat xavfsizligini boshqarish tizimi to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlandi, u quyidagilarni nazarda tutadi:

  • tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimini rejalashtirish, tashkil etish, faoliyat ko‘rsatish, yuritish va takomillashtirish tartibi;
  • mehnatni muhofaza qilish talablarini bajarish samaradorligini baholash, kasbiy (mehnat) xavflarni boshqarish va ularni aniqlash.

Mehnat xavfsizligini boshqarish tizimi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • xodimlarni mehnatni muhofaza qilish, texnika xavfsizligi va mehnat gigiyenasi bo‘yicha o‘qitish;
  • ishlarni xavfsiz bajarish bo‘yicha yo‘riqnomalar ishlab chiqish;
  • ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish;
  • xavfli omillarni aniqlash, kasbiy xavflarni baholash va boshqarish;
  • xodimlarning sog‘lig‘i holatini nazorat qilish;
  • xodimlarni yakka tartibdagi va (yoki) jamoaviy himoya vositalari bilan ta’minlash;
  • mehnat sharoiti noqulay ishlarda band bo‘lgan xodimlarga imtiyozlar va kompensatsiyalar berish;
  • ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish;
  • ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olish;
  • kasb kasalliklari profilaktikasi;
  • pudratchi tashkilotlar tomonidan ishlarning xavfsiz bajarilishini nazorat qilish.

Mehnatni muhofaza qilish va sanoat xavfsizligi tizimining ichki auditi ish beruvchining qaroriga ko‘ra mehnatni muhofaza qilish xizmati (muhandisi) tomonidan amalga oshiriladi.