Milliy sertifikat asosida maksimal ball bilan oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan talabalarning qariyb 60 foizi a’lo baholarga o‘qimoqda. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabov ma’lum qildi.

Nm

18-avgust kuni vazirlikda 2026/2027-o‘quv yili uchun OTMlarga qabulning yakuniy natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda sertifikat va imtiyozlar asosida qabul qilish tizimi bo‘yicha ham ma’lumot berildi.

Sardor Rajabovning ta’kidlashicha, milliy sertifikat tizimi odatiy test tizimiga nisbatan murakkabroq hisoblanadi.

Vazirlik tomonidan o‘tkazilgan tahlilga ko‘ra, milliy sertifikat asosida maksimal ball bilan OTMga kirgan talabalarning qariyb 60 foizi a’lo, qariyb 40 foizi esa yaxshi baholarga o‘qimoqda.

Vazir o‘rinbosari bunday talabalar orasida o‘qishdan chetlashtirilganlar soni juda kam ekanini qayd etdi.

Shuningdek, imtiyoz asosida OTMga qabul qilingan talabalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari ham tahlil qilingan. Dastlabki natijalarga ko‘ra, imtiyoz bilan o‘qishga kirgan talabalar orasida eng yuqori o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari xotin-qizlarda qayd etilgan.

Vazirlik sertifikat va imtiyoz asosida qabul qilingan talabalarning o‘qishdagi natijalarini tahlil qilishni davom ettiradi.