Misr Turizm va qadimiy yodgorliklar vazirligi xabariga ko‘ra, Misr arxeologlari Sinay yarim oroli hududida taxminan 10 ming yillik qoya boshpanasini aniqladi.

Kk

Topilma Janubiy Sinay viloyatidagi Jabal-Umm-Araq tog‘ida joylashgan bo‘lib, obyektning uzunligi 100 metrdan ortiq. Qoya boshpanasining “shiftlari” qizil va kulrang ranglardagi tasvirlar bilan bezatilgan. Ularda hayvonlar, ramziy shakllar hamda turli tarixiy davrlarga oid kundalik hayot manzaralari aks etgan. Mutaxassislar rasmlarning bir qismi miloddan avvalgi 10000—5500-yillarga taalluqli ekanini qayd etmoqda.

Tasvirlar orasida kamon va itlar bilan ov qilayotgan ovchilar, tuya va otlarga mingan chavandozlar, shuningdek, dastlabki arab yozuvlari namunalari ham uchraydi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, Umm-Araq hududini ochiq osmon ostidagi muzey sifatida baholash mumkin, chunki bu yerda miloddan avvalgi davrlardan islomiy davrgacha bo‘lgan badiiy va ramziy tasvirlarning evolyutsiyasi yaqqol ko‘rinadi.

Qazishmalar davomida hayvon qoldiqlari va turar joy izlari ham topilgan. Shuningdek, qadimgi Misr, Rim va o‘rta asrlarga oid tosh qurollar hamda sopol buyumlar parchalari aniqlangan. Bu esa mazkur joydan odamlar vaqtincha boshpana sifatida foydalanganini ko‘rsatadi.

Avvalroq, Niderlandiya 2022-yilda Maastrixt shahrida o‘tkazilgan san’at yarmarkasida o‘g‘irlangan 3,5 ming yillik byustni Misrga qaytarib bergani haqida xabar qilingan edi.