O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosiga ko‘chib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi axborot xizmati xabar berdi.

Nyt

Ma’lum qilinishicha, markaz binosida idoraning markaziy apparati uchun maxsus hudud ajratilgan. Endilikda muftiy Nuriddin Xoliqnazar boshchiligidagi rahbariyat, o‘rinbosarlar hamda barcha bo‘limlar o‘z faoliyatini mazkur maskanda davom ettirmoqda.

Ta’kidlanishicha, markazning ichki tuzilishi zamonaviy va milliy me’morchilik an’analari uyg‘unligida barpo etilgan. Binoga kirish qismidan boshlab Qur’on oyatlari, davlat rahbari iqtiboslari, idora tarixi va muftiylar faoliyatiga oid ma’lumotlar joylashtirilgan. Yo‘laklar bo‘ylab bo‘limlar va rahbariyat uchun alohida xonalar ajratilgan, ichki hovlidagi yashil hudud esa xodimlar uchun qulay muhit yaratadi.

Shuningdek, majmuada zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan kichik va katta majlislar zallari tashkil etilgan. Ular jonli efir uchun mo‘ljallangan uskunalar, kameralar hamda to‘liq Wi-Fi qamrovi bilan ta’minlangan. Xonalar elektron boshqaruvli isitish va sovutish tizimlari, zamonaviy mebel va texnika bilan jihozlangani qayd etilgan.

Bundan tashqari, idora hududiga tutash kutubxona faoliyat yuritib, undan ish jarayonida keng foydalanish imkoniyati yaratilgan.

Shu bilan birga, idoraning Toshkent shahridagi Qorasaroy ko‘chasi, 47-uy manzilida joylashgan avvalgi binosida Fatvo markazi, Haj va umra markazi, Qur’on va tajvidni o‘rgatish yo‘nalishlari, moliyaviy nazorat hamda axborot-tahlil bo‘limlari, shuningdek fuqarolarni qabul qilish xizmatlari o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.