Namangan shahrida hokim pora olishda gumonlanib, qamoqqa olindi. Hozirda u deputatlik daxlsizlik huquqidan mahrum qilingan bo‘lib, unga hamda hokimlikning devonxona mudiriga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Tezkor tadbir davomida hokimning poyabzal ishlab chiqaruvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari bilan til biriktirib, tadbirkordan 60 ming AQSH dollari talab qilgani aniqlangan. Ular ushbu mablag‘ evaziga shahar hududidagi 35 sotix yer maydonida joylashgan eskirgan turar-joy binolari o‘rniga ko‘p qavatli uy qurish va moliyalashtirish huquqini olib berishni va’da qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda MCHJ rahbari pora mablag‘ini olayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Keyingi bosqichda hokim ham devonxona mudiri orqali poraning qolgan qismini olayotgan paytda ushlandi.
Hozirda hokim va devonxona mudiriga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi bo‘yicha, MCHJ rahbariga esa 168-moddasi 4-qismi “a” bandi hamda 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Hokimga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov jarayonida uning boshqa noqonuniy harakatlariga ham huquqiy baho berilishi ma’lum qilindi.
Pora bilan bog‘liq o‘xshash holat Toshkent viloyatida ham qayd etildi. Zangiota tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limining bosh mutaxassisi tadbirkorga davlat zaxirasidagi 8 sotix yer maydonini uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 40 ming AQSH dollari talab qilgan. Tezkor tadbir chog‘ida u 20 ming dollar olayotganda Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Hozirda unga nisbatan ham yuqoridagi moddalar bo‘yicha jinoyat ishi ochilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.