Navoiy viloyatida “yashil” iqtisodiyot uchun malakali o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlashga ixtisoslashgan texnikum tashkil etiladi. Muassasa 2026/27-o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilarni qabul qiladi.
Vazirlar Mahkamasining 8-sentyabrdagi qaroriga ko‘ra, Navoiy viloyati “yashil” texnikumi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta’lim agentligi tizimidagi davlat muassasasi shaklidagi kasbiy ta’lim tashkiloti bo‘ladi.
Texnikum Karmana tumanidagi Do‘rmon mahallasida, Yangihayot ko‘chasi 1a-uydagi bino va inshootlarda joylashtiriladi.
Qanday mutaxassislar tayyorlanadi?
Texnikumda mehnat bozori ehtiyojlari va “yashil” iqtisodiyot uchun zarur mutaxassislar tayyorlanadi. O‘quvchilarda energiya samaradorligi, resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilarni boshqarish va ekologik madaniyat bo‘yicha ko‘nikmalar shakllantiriladi.
“Yashil” ko‘nikmalarga oid mavzular o‘quv dasturlariga ham kiritiladi.
“Yashil” texnologiyalarni joriy qilgan korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikda dual ta’lim yo‘lga qo‘yiladi. Ta’lim jarayoniga soha korxonalari mutaxassislari, oliy ta’lim tashkilotlari professor-o‘qituvchilari va xorijiy mutaxassislar jalb qilinadi.
Shuningdek, xorijiy nufuzli ta’lim tashkilotlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Texnikumga umumiy o‘rta ta’lim maktablari bitiruvchilari davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi. O‘quv jarayoni boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlari asosida tashkil etiladi.
Bundan tashqari, mehnat bozori va ish beruvchilar ehtiyojidan kelib chiqib, qisqa muddatli kasb, mutaxassislik, malaka hamda xorijiy tillar bo‘yicha kurslar yo‘lga qo‘yiladi.
Green University texnikumga biriktiriladi
Texnikum moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘quv-metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash va ta’lim sifatini oshirish maqsadida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti — Green University’ga biriktiriladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga texnikumda o‘quv jarayonini tashkil etish va ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini bir oy muddatda ishlab chiqish topshirilgan.
Texnikum ustavini 2026-yil 15-sentyabrgacha tasdiqlash belgilangan.
2026/27-o‘quv yilidan “yashil” iqtisodiyot uchun zarur o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash boshlanadi. Shu o‘quv yili uchun abituriyentlarni davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida qabul qilish muddati 1-oktyabrgacha uzaytirilgan.
Bundan tashqari, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi texnikumda o‘qitiladigan kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha hududdagi korxona va tashkilotlarni sanoat hamkori sifatida biriktiradi.
2027/28-o‘quv yilidan texnikumda xalqaro ta’lim dasturini joriy etish choralari ko‘riladi.