Navoiy viloyatining ayrim tumanlaridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari anomal issiq sabab 14–17 iyul kunlari vaqtincha faoliyatini to‘xtatadi.

Bog

Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lum qilishicha, hafta davomida havo haroratining 44–45 darajagacha ko‘tarilishi kutilayotgani munosabati bilan tuman va shahar hokimlarining farmoyishlari asosida tegishli qaror qabul qilingan.

Qarorga ko‘ra, quyidagi hududlardagi davlat bog‘chalari vaqtincha yopiladi:

  • Uchquduq tumani — 14–17 iyul;
  • Nurota tumani — 14–17 iyul;
  • Tomdi tumani — 2-, 4- va 5-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari;
  • Konimex tumani — 1-, 2-, 3-, 4-, 5-, 6-, 7-, 8-, 9-, 10-, 11-, 13-, 14-, 15-, 16- va 17-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari.

Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, viloyatning boshqa hududlaridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sanitariya-gigiyena talablari hamda zarur shart-sharoitlar yuzasidan o‘rganish ishlari davom etmoqda. Ularning natijalariga ko‘ra qo‘shimcha axborot beriladi.

Qayd etilishicha, mazkur qaror maktabgacha yoshdagi bolalarning hayoti va salomatligini anomal issiqning salbiy ta’siridan himoya qilish hamda ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.

Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari 20-iyuldan boshlab odatdagi tartibda faoliyatini davom ettiradi.