O‘zbekiston prezidentining qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-apreldan notarius lavozimiga tayinlash va xususiy notarial faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini berish bo‘yicha yagona ikki bosqichli tanlov tartibi joriy etiladi.
Birinchi bosqichda talabgorlar davlat va jamiyat boshqaruvi, korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolik huquqi, notariat va vorislik huquqi bo‘yicha test sinovlaridan o‘tadi. Ikkinchi bosqichda esa muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar Oliy malaka komissiyasi tomonidan o‘tkaziladigan amaliy imtihonda elektron platformada notarial hujjatlar loyihasini tayyorlaydi hamda kazus bo‘yicha javob beradi.
Shuningdek, 2026-yil 1-apreldan xususiy notarius faoliyatini uzrli sabablarga ko‘ra vaqtincha bajara olmagan taqdirda, uning arizasiga asosan litsenziyasi muddatli to‘xtatilishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, litsenziyani to‘xtatish yoki tugatishdan tashqari, ogohlantirish va jarima tarzidagi ta’sir choralarini qo‘llash mexanizmi ham joriy etiladi.
Notarial hujjatlar notariusning imzosi, muhridan tashqari QR-kod bilan ham tasdiqlanadi.