O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmonov London universiteti Sharq va Afrika tadqiqotlari maktabi (SOAS) rektori, professor Adam Habib bilan uchrashdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

1916 yilda tashkil etilgan SOAS London universiteti bugungi kunda dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Hozirda unda qariyb 7 ming nafar talaba tahsil olib, ularga 1,2 mingga yaqin professor-o‘qituvchi dars beradi.
SOAS London universitetining mustaqil oliy ta’lim muassasasi bo‘lib, Londonda to‘rtta akademik kampus hamda yirik kutubxonaga ega. Universitet Hindiston, Bangladesh, Xitoy, Saudiya Arabistoni va Qozog‘istonning yetakchi oliy o‘quv yurtlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshiradi. Ta’lim yo‘nalishlari asosan ijtimoiy-gumanitar fanlar, Sharq va Afrika tillarini qamrab oladi.
Uchrashuv davomida professor Adam Habib O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Xususan, istiqbolli ta’lim loyihalarini amalga oshirish, qo‘shma diplom dasturlarini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar almashinuvini tashkil etish, ilmiy tadqiqotlar va kasbiy rivojlanish yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan muloqot olib borishga tayyor ekanini ta’kidladi.