Nukus dala o‘quv maydonida 10-sentabr kuni o‘tkazilgan amaliy o‘quv mashg‘ulotida kichik portlash yuz berdi. Bu haqda Milliy gvardiya matbuot xizmati O‘zAga ma’lum qildi.
Mashg‘ulot davomida o‘quv mashg‘uloti uchun mo‘ljallangan portlovchi maxsus vositaning detonatsiya shnuri chaqnashi oqibatida kichik portlash yuzaga kelgan. Natijada mashg‘ulot ishtirokchilaridan 10 ga yaqin harbiy xizmatchi turli darajadagi tan jarohatlari olgan.
Jarohatlanganlarga o‘z vaqtida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Hozirda ko‘rilgan zarur choralar natijasida ularning sog‘ligi tiklanmoqda.
Holat yuzasidan xizmat surishtiruvi tayinlanib, mutasaddi rahbarlar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.