Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” asarini ingliz tiliga tarjima qilgan amerikalik tarjimon Mark Riz oʻz tarjimasi mualliflik huquqi buzilgani haqida bayonot bergach, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti (OʻzDJTU) rasmiy munosabat bildirdi.

Iko

Tarjimonning taʼkidlashicha, uning inglizcha tarjimasi mualliflik ruxsatisiz Unilibrary.uz platformasiga joylashtirilgan. Universitet esa bu maʼlumotni rad etib, asar hech qachon ochiq foydalanish uchun joylashtirilmaganini maʼlum qildi.

OʻzDJTUning tushuntirishicha, Mark Riz tomonidan tarjima qilingan kitob universitet rektoriga sovgʻa qilingan va keyinchalik talabalarning foydalanishi uchun Axborot-resurs markaziga topshirilgan. Hozirda kutubxonada kitobning faqat bitta nusxasi mavjud boʻlib, u taʼlim jarayonidagina ishlatiladi.

Vazirlik buyrugʻiga binoan, asarning faqat bibliografik maʼlumotlari texnik tartibda Unilibrary.uz platformasiga kiritilgan, ammo toʻliq matn yoki elektron nusxa joylashtirilmagan. Mualliflik huquqi masalasi aniqlangach, bu yozuv ham tizimdan olib tashlangan.

Universitet maʼmuriyati tarjimondan uzr soʻrab, holatni intellektual mulkka nisbatan beparvolik sifatida qabul qilmaslikni soʻradi hamda agar Mark Rizda asar tarqatilgani boʻyicha dalillar mavjud boʻlsa, ularni taqdim etishni soʻradi.