Oʻzbekiston maktablarida tegishli darajadagi til sertifikatiga ega boʻlmagan xorijiy til oʻqituvchilariga yana imkoniyat berilishi haqida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi qarorida umumiy oʻrta taʼlim muassasalari xorijiy til oʻqituvchilarining kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega boʻlishi talabi koʻrsatib oʻtilgan.
Dastlab 2024/2025-oʻquv yiligacha taʼminlanishi lozim boʻlgan ushbu talab, pedagoglar va keng jamoatchilik vakillarining murojaatlari asosida 2026-yil 1-yanvargacha uzaytirildi.
Vazirlik tomonidan pedagoglarga sertifikat imtihonlariga tayyorgarlik koʻrish uchun bepul oʻquv mashgʻulotlari tashkil etilgan. 2025-yil sentyabr-dekabr oylarida 5 000 nafardan ortiq oʻqituvchi tegishli til sertifikatini qoʻlga kiritdi. Hozirgi vaqtda esa 39 mingdan ortiq xorijiy til fani oʻqituvchilari sertifikatga ega.
Shu bilan birga, mashgʻulotlar bundan keyin ham davom etadi va B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega boʻlmagan pedagoglarga 2026/2027-oʻquv yili boshlanguniga qadar qoʻshimcha imkoniyat beriladi.