Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi Amazon kompaniyasining Kuiper boʻlinmasi bilan sunʼiy yoʻldosh orqali internet xizmatlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha dastlabki kelishuvga erishdi.

Vazirlik xabariga koʻra, raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQSHning Amazon Kuiper kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazgan. Muloqot chogʻida raqamli infratuzilmani rivojlantirish hamda keng polosali internet xizmatlarini takomillashtirish masalalari muhokama etilgan.
Uchrashuv yakunida Raqamli texnologiyalar vazirligi va Amazon Kuiper Commercial Services LLC oʻrtasida anglashuv memorandumi (MoU) imzolandi. Hujjatga koʻra, Project Kuiper sunʼiy yoʻldosh tarmogʻi orqali mamlakat hududida yuqori tezlikdagi internet xizmatlarini joriy etish hamda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish yoʻnalishlarida hamkorlik amalga oshiriladi.
Amazon Kuiper — Amazon korporatsiyasining past Yer orbitasidagi (LEO) sunʼiy yoʻldoshlar orqali butun dunyo boʻylab keng polosali internet xizmatlarini taqdim etishga ixtisoslashgan boʻlinmasidir.