Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqildi.

Loyihada taʼlim tashkilotida bolalarni tarbiyalash, ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlar zimmasiga yuklatilgan shaxs tomonidan zoʻravonlik holatlari sodir etilsa, maʼmuriy javobgarlik belgilash nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, vasiy yoki homiy oʻz yashash joyini oʻzgartirish, boshqa davlatga koʻchib ketish niyatida boʻlsa, tegishli organning yozma ruxsati va vasiylikka olingan 10 yoshga toʻlgan bolaning roziligi talab etilishi, shuningdek, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bola foydasiga ota-ona yoki ularning biridan undirilishi belgilangan aliment miqdorini kamaytirish boʻyicha ishlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari vakilining ishtiroki ham belgilanmoqda.
Qonun loyihasida ota-ona qaramogʻidan yoki ulardan mahrum boʻlgan bolani vasiysi (homiysi), tutingan ota-onasi yashaydigan joyga roʻyxatga qoʻyganda davlat boji toʻlashdan ozod etish taklif etilgan.
Majlisda loyiha boʻyicha ayrim eʼtirozlar bildirilib, uni qayta ishlash va maromiga yetkazish boʻyicha takliflar ilgari surildi va masʼul qoʻmitaga qaytarildi.