Oʻzbekistondagi 10 mingdan ortiq maktab uchun Canva for Education taʼlim platformasidan uch yil davomida bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi. Buning uchun qiymati 20 million dollarlik grant shartnomasi imzolandi.

Vdd

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi maʼlum qilishicha, Fransiyaning Parij shahrida YUNESKO bosh qarorgohida oʻtayotgan “Taʼlim transformatsiyasi sammiti +4” (TES+4) doirasida vazirning birinchi oʻrinbosari Sherzod Karimov va Canva kompaniyasi oʻrtasida grant shartnomasi imzolangan.

Kelishuvga koʻra, respublika boʻylab 10 mingdan ortiq maktab Canva for Education platformasidan uch yil davomida bepul foydalanadi. Grantning umumiy qiymati 20 million dollarni tashkil etadi.

Canva — Avstraliyada tashkil etilgan va bugungi kunda dunyoning 190 dan ortiq davlatida foydalanilayotgan vizual dizayn platformasi. Uning taʼlim uchun moʻljallangan Canva for Education xizmati oʻqituvchi va oʻquvchilar uchun minglab taqdimot, infografika hamda boshqa oʻquv materiallari shablonlarini taqdim etadi.

Vazirlikka koʻra, loyiha oʻquvchilarning kreativ fikrlashini rivojlantirish, taqdimot va infografika tayyorlash koʻnikmalarini shakllantirish, sunʼiy intellekt vositalari yordamida taʼlim materiallarini tez va sifatli tayyorlash imkonini beradi.

Shuningdek, platforma jamoaviy ishlash va raqamli savodxonlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Oʻquvchilar onlayn hamkorlik qilishni oʻrganib, zamonaviy raqamli koʻnikmalarni egallash imkoniga ega boʻladi.