2025-yilda O‘zbekiston o‘quvchilari 29 ta nufuzli xalqaro fan olimpiadasida ishtirok etib, jami 210 ta medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lum qildi.

Yil davomida o‘quvchilar 40 ta oltin, 78 ta kumush va 92 ta bronza medalni yutgan. Xususan, fan olimpiadalari tarixida ilk bor Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tkazilgan xalqaro kimyo olimpiadasida 2 ta oltin medal, Boliviyadagi xalqaro informatika olimpiadasida esa ilk bor kumush medal qo‘lga kiritildi.
Shuningdek, o‘quvchi qizlar Yevropa qizlar matematika olimpiadasida birinchi marta qatnashib, 1 ta kumush va 2 ta bronza medal bilan taqdirlandi.
Toshkent shahrida o‘tkazilgan Al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro matematika va informatika olimpiadasida 50 ta, Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo olimpiadasida esa 19 ta medal qo‘lga kiritildi.
Eng nufuzli xalqaro olimpiadalarda o‘zbekistonlik o‘quvchilar jami 2 ta oltin, 7 ta kumush va 4 ta bronza medalga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari, xalqaro va mintaqaviy darajadagi olimpiadalarda umumiy hisobda 138 ta medal qo‘lga kiritilgan.
Ma’lum qilinishicha, olimpiada g‘oliblari va ularning ustozlarini rag‘batlantirish uchun davlat byudjetidan 12 milliard 424 million so‘m ajratilgan. Avvalroq ikki nafar g‘olib o‘quvchiga 1 milliard 40 million so‘mdan pul mukofoti berilgani xabar qilingandi.