Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 14-oktabr kuni Oksford universitetida oʻzbekshunoslik dasturining rasmiy ochilish marosimida qatnashdi.
Oksford universiteti Buyuk Britaniyada birinchi boʻlib “Osiyo va Yaqin Sharq tadqiqotlari” fakulteti doirasida oʻzbek va qadimgi oʻzbek (chigʻatoy) tillarini oʻqitishni yoʻlga qoʻydi.
Marosimda soʻzga chiqqan Saida Mirziyoyeva:
“Koʻp yillar davomida Oʻzbekiston yopiq mamlakat edi. Bugun u har qachongidan-da ochiq — fan, texnologiyalar, taraqqiyot va eng muhimi, muloqot uchun ochiq”, — deya taʼkidladi.
Prezidenti Administratsiyasi rahbari xotin-qizlarning taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish, oiladagi zoʻravonlikni jinoiy javobgarlikka tortish tashabbuslarini ilgari surish hamda faol va namunali yetakchilik orqali ayollarni ruhlantirish borasidagi saʼy-harakatlari uchun Oksford universiteti mukofoti bilan taqdirlandi.
Tadbirda Oksford universiteti Volfson kolleji prezidenti Tim Xitchens, Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasining Xalqaro munosabatlar va mudofaa qoʻmitasi aʼzosi lord Malkolm Bryus, “Osiyo va Yaqin Sharq tadqiqotlari” fakulteti dekani oʻrinbosari Nikolay Sinay, Oksford shahri meri Luiza Apton hamda ilmiy doiralar vakillari ishtirok etdi.
Tashrif doirasida Saida Mirziyoyeva Bodlean kutubxonasiga ham borib, u yerda saqlanayotgan Mirzo Ulugʻbekning “Ziji Ko‘ragoniy”, Alisher Navoiyning “Xamsa”, Husayn Boyqaroning “Devoni Husayniy” asarlari nusxalari, shuningdek, Boburiylar davriga oid miniatyuralarni koʻzdan kechirdi.
Shuningdek, dastur ishga tushirilishi munosabati bilan Oksford universiteti hamda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha kelishuvlar imzolandi.