Hukumat qarori bilan “Oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

Nizomga muvofiq, bakalavriatga qabul quyidagi asoslarda amalga oshiriladi:
- Prezident hujjatlari bilan tasdiqlangan yo‘nalishlar bo‘yicha davlat (ta’lim) granti asosida;
- Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan umumiy qabul parametrlariga asosan.
Kirish imtihonlari 2 bo‘limdan iborat bo‘ladi:
- Ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixidan majburiy testlar;
- Tanlangan yo‘nalishga mos 2 ta fan bo‘yicha test yoki kasbiy (ijodiy) imtihonlar.
Qabul jarayoni 2 bosqichda amalga oshiriladi:
- 1-bosqich: 5–25 iyun kunlari test topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va hudud tanlanadi;
- 2-bosqich: test yakunlangach, 15 kun ichida oliy ta’lim muassasasi, yo‘nalish, ta’lim shakli va tanlov ustuvorligi belgilanadi.
Abituriyentning test natijalari imtihon o‘tkazilgan kundan keyingi kunda e’lon qilinadi. Talabalikka tavsiya etilganlar ro‘yxati esa qabulning 2-bosqichi yakunlangach, 1 hafta ichida Bilim va malakalarni baholash agentligi rasmiy saytida joylashtiriladi.