O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimini izchil rivojlantirish maqsadida 2026-yilda qo‘shimcha 20 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Bu Shavkat Mirziyoyevning 10-apreldagi farmonida belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, mazkur mablag‘ Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga davlat byudjetidan yo‘naltiriladi. Shuningdek, 2027-yildan boshlab har yili 70 milliard so‘m ajratish nazarda tutilgan.
Farmonda grant asosida ta’lim olayotgan bir nafar talabani o‘qitish xarajatlarini shakllantirish tartibi joriy etilishi belgilandi. Unga ko‘ra, xarajatlar quyidagi mezonlar asosida aniqlanadi:
- bir nafar professor-o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni nisbati;
- ta’lim yo‘nalishlari uchun zarur moddiy-texnik baza;
- kadrlar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlariga mosligi;
- xodimlarga haq to‘lash va rag‘batlantirish xarajatlari;
- oliygohning ilmiy-tadqiqotga yo‘naltirilganlik darajasi;
- milliy reytingdagi o‘rni;
- hududiy joylashuvi;
- oliygohni saqlash bilan bog‘liq xarajatlar.
2027-yil 1-yanvardan boshlab oliy ta’lim tashkilotlarini milliy reyting natijalariga qarab moliyaviy rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi. Reyting oliygohlar faoliyati — akademik, ilmiy va xalqaro yo‘nalishlar, raqamlashtirish darajasi hamda bitiruvchilar bandligi kabi mezonlar asosida shakllantiriladi.
Natijalarga ko‘ra, har bir toifa guruhidagi oliygohlarning 20 foizi 1-darajaga, 40 foizdan 2- va 3-darajalarga ajratiladi. Reytingni yuritish tartibini Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi belgilaydi.
Shuningdek, davlat ilmiy dasturlari doirasida ilmiy-tadqiqot loyihalarini tanlash va moliyalashtirishning yangi tartibi joriy etiladi. Endilikda ajratilgan mablag‘larni tanlovlarsiz taqsimlash yoki ilmiy va innovatsion faoliyatdan tashqari maqsadlarga yo‘naltirish taqiqlanadi.
Hujjat bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga qo‘shimcha vakolatlar ham berildi. Xususan, vazirlik bakalavriat va magistratura bosqichlariga qabul natijalarini tasdiqlash huquqiga ega bo‘ladi.