O‘zbekistonda 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida yakuniy nazorat imtihonlarini videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan auditoriyalarda o‘tkazish hamda ularni onlayn kuzatish tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu ko‘zda tutilgan hukumat qarori loyihasi 12-avgustga qadar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Imtihon

Hujjat loyihasiga ko‘ra, mazkur tartib oliy ta’lim muassasalarida baholash jarayonining shaffofligini ta’minlash, korrupsiyaviy xavflarning oldini olish hamda talabalar bilimini xolis va adolatli baholash maqsadida joriy etiladi.

Imtihonlarni onlayn kuzatish imkoniyati yaratiladi

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab yakuniy nazorat imtihonlarini oliy ta’lim muassasalarining rasmiy veb-saytlaridagi maxsus havolalar orqali real vaqt rejimida kuzatish imkoniyati yaratilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga uch oy muddatda yakuniy nazoratlarni onlayn kuzatish hamda ularni kompyuterda topshirish imkonini beruvchi maxsus platformalarni ishlab chiqish va oliygohlarni ushbu tizimlarga integratsiya qilish vazifasi yuklatilishi ko‘zda tutilgan.

Imtihonlar yozma va test shaklida o‘tkaziladi

Loyihaga muvofiq, yakuniy nazorat imtihonlari asosan talabalarning mustaqil fikrlashini namoyon etishga xizmat qiladigan 3–5 ta topshiriqdan iborat yozma shaklda o‘tkaziladi. Fan xususiyatidan kelib chiqib, boshqa shakllardan ham foydalanilishi mumkin.

Yozma va test shaklidagi imtihonlar maxsus jihozlangan kompyuter sinfxonalarida topshiriladi. Talabalarga imtihon dasturi va uning interfeysi bilan oldindan tanishish imkoniyati yaratiladi.

Barcha yakuniy nazorat imtihonlari va baholash jarayoniga oid videoyozuvlar kamida bir yil davomida saqlanadi.

Yozma imtihonlarda talabalar javoblari 2 mingtagacha so‘z bilan cheklanadi. Test shaklidagi yakuniy nazoratlarda esa fan va mutaxassislik xususiyatidan kelib chiqib, savollar soni 25 tadan 50 tagacha bo‘lishi mumkin.

Imtihonga hujjat bilan kiriladi

Talabalar yakuniy nazorat imtihonlariga pasport, ID-karta, talabalik guvohnomasi yoki haydovchilik guvohnomasini taqdim etgan holda kiritiladi.

Imtihon boshlanganidan keyin kechikib kelgan talabalar nazoratda ishtirok eta olmaydi. Shuningdek, imtihon vaqtida auditoriyani uzrli sabablarsiz tark etish taqiqlanadi.

Telefon va mikroquloqchin olib kirish taqiqlanadi

Loyihada talabalar tomonidan uyali aloqa vositalari, mikroquloqchinlar, kompyuterlar hamda ko‘chirmachilikka xizmat qilishi mumkin bo‘lgan boshqa vositalarni imtihon auditoriyasiga olib kirish qat’iyan taqiqlanishi belgilangan.

Bunday holatlar aniqlangan taqdirda, talaba darhol imtihondan chetlashtiriladi. Agar qoidabuzarlik videokuzatuv yozuvlari orqali imtihon yakunlanganidan keyin aniqlansa, uning imtihon natijalari bekor qilinadi.

Yakuniy imtihonni boshqa o‘qituvchi baholaydi

Yakuniy nazorat imtihonlarini baholash tegishli fandan aynan shu guruhga dars bermagan professor-o‘qituvchilar tomonidan amalga oshiriladi. Talabaga dars bergan professor-o‘qituvchining yakuniy nazoratni o‘tkazish jarayonida ishtirok etishi taqiqlanadi.

Zarurat tug‘ilganda, boshqa oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari ham baholash jarayoniga jalb qilinishi mumkin.

Yozma imtihonlarni baholashda professor-o‘qituvchilar har bir savol bo‘yicha kamida 2–3 jumladan iborat izoh yozishi shart bo‘ladi. Izohlarda talabaning baholanish sabablari, yutuqlari va kamchiliklari ko‘rsatib o‘tiladi.

Baholarni o‘zgartirish tartibi ham belgilanmoqda

Agar baholar noto‘g‘ri qo‘yilgani aniqlansa, professor-o‘qituvchining tushuntirish xati va fakultet dekani yoki Registrator ofisi boshlig‘ining bildirishnomasi asosida o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor tomonidan bahoni o‘zgartirishga ruxsat berilishi mumkin.

Baholarni asossiz o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Baholarni tuzatish jarayoni 10 ish kunidan oshmagan muddatda amalga oshirilishi lozim.

Shuningdek, talabalar baholash muddati yakunlanganidan keyin 48 soat ichida aniqlangan xatoliklar bo‘yicha murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi.