O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda “Oltin qalam” XX Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni e’lon qildi.

Tanlovda ishtirok etish uchun 2025-yil 22-apreldan 2026-yil 22-aprelgacha bosma va internet nashrlarida chop etilgan, radio va televideniyeda efirga uzatilgan 5 tadan 7 tagacha material taqdim etilishi kerak. Jamoaviy ishtirok etishda gazeta tahririyatlari 5–7 ta sonni, tele va radiokanal jamoalari esa 5–7 ta eng yaxshi ko‘rsatuv yoki eshittirishning elektron variantini (yoki havolasini) topshiradi.
Ijodiy ishlar uyushma va uning hududiy bo‘limlari orqali, shuningdek Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida xorijdagi vakolatxonalar orqali yoki mualliflarning o‘zi tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri elektron shaklda qabul qilinadi. Hujjatlar 2026-yil 22-mayga qadar topshirilishi lozim.
Tanlovga yuboriladigan ishlar bilan birga muallif haqida qisqacha ma’lumot, pasport yoki ID-karta nusxasi, aloqa ma’lumotlari taqdim etiladi. Jamoaviy ishtirokchilar uchun OAVning ro‘yxatdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjat ham talab etiladi.
Materiallar formatiga ko‘ra:
- bosma nashrlar — PDF nusxa;
- internet nashrlari — havola;
- televideniye — 3–30 daqiqalik videomaterial;
- radio — 3–30 daqiqalik audiomaterial;
- fotojurnalistika — JPEG, TIFF yoki PNG formatdagi ishlar (annotatsiya bilan).
Materiallar info@jurnalistlar.uz elektron manziliga hamda Telegram orqali maxsus sahifaga yuboriladi.
Mukofotlar
Tanlov doirasida televideniye, radio, bosma va internet nashrlari yo‘nalishlari bo‘yicha eng yaxshi materiallar uchta o‘rin bilan taqdirlanadi. Shuningdek, chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun alohida mukofotlar belgilanadi.
Mukofotlar quyidagicha:
- bosh mukofot — avtomobil;
- 1-o‘rin — BHMning 200 baravari (82,4 mln so‘m);
- 2-o‘rin — BHMning 175 baravari (72,1 mln so‘m);
- 3-o‘rin — BHMning 150 baravari (61,8 mln so‘m);
- 12 ta rag‘batlantiruvchi nominatsiya — har biri uchun BHMning 100 baravari (41,2 mln so‘m), diplom va “Oltin qalam” statuetkasi.
Bundan tashqari, “2025-yilda chop etilgan publitsistik janrdagi eng yaxshi kitob” nominatsiyasi uchun ham alohida tanlov o‘tkaziladi.
G‘oliblar Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan 27-iyun kuni o‘tkaziladigan tantanali marosimda taqdirlanadi.