Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-iyun kuni madaniyat va san’at sohasi vakillari bilan uchrashuvda aholining madaniy hayotdagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan qator yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

Davlat rahbari yoshlar va aholining madaniyat hamda san’atga qiziqishini oshirish uchun san’atkorlar bilan tomoshabinlar o‘rtasidagi jonli muloqotni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.

Shu maqsadda har yili 500 ming nafar o‘qituvchi, shifokor, davlat xizmatchisi, faol o‘quvchi va talabalarga teatr, kino hamda konsertlarga bepul tashrif buyurish imkonini beruvchi vaucherlar ajratiladi.

Bundan tashqari, 100 mingta ehtiyojmand oila va nogironligi bo‘lgan bolalar uchun ham bepul madaniy tadbirlarga borish imkoniyati yaratiladi.

Mahallalardagi konsertlar xarajatining bir qismi davlat tomonidan qoplanadi

Uchrashuvda madaniy tadbirlarni hududlarda kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Ma’lum qilinishicha, 2026-yil 1-iyuldan boshlab har bir tuman va mahallada tashkil etiladigan konsert-tomoshalar xarajatining 20 foizigacha bo‘lgan qismi byudjet mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Prezidentning qayd etishicha, bu hududlarda madaniy tadbirlar sonini ko‘paytirish va aholining ulardagi ishtirokini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Madaniyat va san’at sohasidagi tadbirkorlar soliqlardan ozod etiladi

Yig‘ilishda madaniyat va san’at yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham yangi choralar e’lon qilindi.

Xususan, konsert-tomosha faoliyati, xususiy teatrlar, kinematografiya, bolalar uchun kontent yaratish hamda madaniyat va san’at yo‘nalishidagi xususiy ta’lim bilan shug‘ullanuvchi subyektlar bir qator soliqlardan ozod etiladi.

Ular qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i, aylanma solig‘i, yer solig‘i, mol-mulk solig‘i va daromad solig‘ini to‘lamaydi.

Shuningdek, adabiyot, madaniyat va san’atni rivojlantirish uchun tadbirkorlar hamda yirik kompaniyalar tomonidan ajratiladigan homiylik mablag‘lari ham soliqqa tortilmaydi.

Viloyatlarda madaniy tadbirlar uchun alohida direksiyalar tashkil etiladi

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, viloyat hokimliklari huzurida maxsus direksiyalar tashkil etiladi.

Ularning asosiy vazifasi konsert zallari, teatrlar va madaniyat saroylari imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda ushbu maskanlarda har kuni madaniy tadbirlar o‘tkazilishini ta’minlashdan iborat bo‘ladi.

Yig‘ilishda ommaviy-madaniy tadbirlar xavfsizligini ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanishicha, davlat yoki xususiy sektor tomonidan tashkil etilishidan qat’i nazar, barcha ommaviy tadbirlarning xavfsiz va tartibli o‘tishini ta’minlash mas’ul idoralar zimmasidagi muhim vazifa hisoblanadi.