O‘zbekistonda davlat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan pedagoglar farzandlariga kontrakt to‘lovining 30 foizigacha chegirma berilishi mumkin. Bu nazarda tutilgan hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Loyihaga ko‘ra, 2026/27-o‘quv yilidan boshlab davlat OTMlariga o‘qishga kirgan va tahsil olayotgan pedagoglar farzandlari uchun yillik to‘lov-kontrakt summasining 30 foizi miqdorida chegirma joriy etiladi.

Chegirma faqat bir o‘quv yili uchun bir marotaba qo‘llanadi. Masalan, kontrakt summasi 15 million so‘m bo‘lsa, talabaga 4,5 million so‘m chegirma berilib, yakuniy to‘lov 10,5 million so‘mni tashkil etadi.

Arizalar “Talabalarga shartnoma asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar hisobini yuritish axborot tizimi” orqali yuboriladi. Buning uchun talabgor o‘zi tahsil olayotgan OTM rektori nomiga kontrakt.edu.uz platformasi orqali murojaat qiladi.

Pedagog maqomi davlat OTMining elektron so‘rovi asosida “Elektron hukumat” tizimi orqali avtomatik tasdiqlanadi. Agar noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etilgani aniqlansa, chegirma qayta hisob-kitob qilinadi.

Mazkur imtiyoz magistratura, sirtqi, kechki, masofaviy ta’lim, qo‘shma dasturlar hamda super-kontrakt shakllariga tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, talabgorning ota-onasi pedagog toifasidan chiqarilgan taqdirda, keyingi o‘quv yilidan boshlab chegirma berish to‘xtatiladi.

Hujjatga ko‘ra, ushbu xarajatlar 2026-yilda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ajratilgan byudjet mablag‘lari doirasida qoplanadi. 2027-yildan boshlab esa mablag‘lar davlat byudjeti parametrlarida alohida nazarda tutiladi.

Qaror loyihasini ishlab chiqishda Austria, United Kingdom, Sweden, Canada va France tajribasi o‘rganilgani aytilmoqda.

Mazkur loyiha bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 29-mayga qadar davom etadi.