2025-yilda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining o‘rtacha oylik ish haqi 5,1 million so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan e’lon qilingan Bitiruvchilar sifati indeksining dastlabki natijalarida ma’lum qilindi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, dastlabki tahlil 114 ta oliy ta’lim tashkilotining 242,6 ming nafar bitiruvchisi faoliyati asosida amalga oshirilgan.

Natijalarga ko‘ra, bitiruvchilarning bandlik darajasi 75 foizni tashkil etgan. O‘rtacha ishga joylashish muddati 2 oy 1 kun bo‘lgan. Shuningdek, bitiruvchilarning 60,1 foizi kamida to‘rt oy davomida barqaror ish bilan ta’minlangani aniqlangan.

Yo‘nalishlar kesimida eng yuqori o‘rtacha ish haqi biznes va boshqaruv sohasida qayd etilgan. Ushbu yo‘nalish bitiruvchilari o‘rtacha 8,5 million so‘m maosh olgan. Huquq yo‘nalishi bitiruvchilarining o‘rtacha ish haqi 7,3 million so‘mni, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishida esa 6,8 million so‘mni tashkil etgan.

Bitiruvchilar sifati indeksi bo‘yicha eng yuqori natija matematika va statistika yo‘nalishida qayd etilib, ko‘rsatkich 69,6 ballni tashkil qilgan. Keyingi o‘rinlarda 66,7 ball bilan ta’lim hamda 63,9 ball bilan biznes va boshqaruv yo‘nalishlari joylashgan.

Agentlik ma’lum qilishicha, indeks yakunlariga ko‘ra eng yuqori natija qayd etgan 20 ta oliy ta’lim muassasasining karyera markazlari 500 million so‘mdan rag‘batlantiriladi.

Qayd etilishicha, e’lon qilingan ma’lumotlar 8 oylik kuzatuv davri asosida shakllantirilgan dastlabki natijalar hisoblanadi. Bitiruvchilar sifati indeksining yakuniy natijalari 12 oylik ma’lumotlar asosida 2026-yil avgust oyida e’lon qilinadi.