O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball olgan maktab bitiruvchilari soni yildan-yilga oshmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilda test sinovlarida 189 ball olgan bitiruvchilar soni 4 825 nafarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 8 barobar ko‘p.
Taqqoslash uchun, 2025-yilda eng yuqori ball olgan bitiruvchilar soni 619 nafar, 2024-yilda esa 101 nafar bo‘lgan.
Shu bilan birga, test sinovlarida 56,7 balldan past natija ko‘rsatgan bitiruvchilar soni 13 ming nafarga yoki 5 foizga kamaygan.
Davlat OTMlariga qabul 3,5 foizga oshdi
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan maktab bitiruvchilari soni so‘nggi uch yilda 3,5 foizga oshgan.
Oliy ta’limga kirish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Navoiy viloyatida qayd etilgan — 52,5 foiz.
Keyingi o‘rinlarda:
- Buxoro viloyati — 37,9 foiz;
- Jizzax viloyati — 35,9 foiz.
Maktab bitiruvchilarining OTMga kirish testlaridagi sifat ko‘rsatkichi ham oshgan. 2026-yilda o‘rtacha natija 11 ballga ko‘paygan.
Hududlar kesimida o‘rtacha ball bo‘yicha Navoiy viloyati yetakchilik qilmoqda — 112,8 ball.
34,6 mingdan ortiq bitiruvchi davlat grantiga tavsiya etildi
2026-yilda jami 454 833 nafar o‘quvchi maktabni tamomlagan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 16 ming nafarga ko‘p.
Bitiruvchilarning 333 463 nafari yoki 73 foizi OTMga kirish test sinovlarida ishtirok etgan.
Joriy yilda 34 681 nafar maktab bitiruvchisi davlat grantiga tavsiya etildi. Bu 2025-yildagi ko‘rsatkichdan 4 800 nafarga ko‘p.
Davlat grantiga tavsiya etilgan bitiruvchilar soni 2025-yilda 29 881 nafar, 2024-yilda esa 24 330 nafarni tashkil etgan.