2026/27-o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistondagi davlat oliy ta’lim muassasalarida 11 ta yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi ochiladi. Bu Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘i bilan tasdiqlandi.
Yangi yo‘nalishlar mehnat bozori ehtiyojlari hamda zamonaviy iqtisodiyot talablaridan kelib chiqib shakllantirilgan bo‘lib, ular orasida sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, raqamli huquq va islomiy moliya kabi yo‘nalishlar ham bor.
Qanday yangi yo‘nalishlar ochiladi?
2026/27-o‘quv yilidan boshlab talabalar quyidagi yo‘nalishlarda tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi:
- Xorijiy til va adabiyoti: xitoy tili;
- Filologiya va tillarni o‘qitish: pushtu tili;
- Tarjima nazariyasi va amaliyoti: hind tili;
- Tarjima nazariyasi va amaliyoti: urdu tili;
- Davlat auditi;
- Islomiy moliya;
- Islom iqtisodiyoti va moliyasi;
- Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik;
- Raqamli huquq;
- Sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik;
- Qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini ishlab chiqarish.
Sun’iy intellekt va kiberxavfsizlikka 100 ta kvota
Yangi yo‘nalishlar orasida eng e’tiborlilaridan biri — “Sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik” yo‘nalishi bo‘ldi. Mazkur mutaxassislik bo‘yicha qabul Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Zarafshon fakultetida amalga oshiriladi.
Yo‘nalish uchun 100 ta grant va to‘lov-kontrakt o‘rni ajratilgan bo‘lib, abituriyentlar matematika hamda fizika fanlaridan test topshiradi.
Huquq sohasida ham yangi mutaxassisliklar
Toshkent davlat yuridik universitetida ikki yangi yo‘nalish ochilmoqda:
- Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik — 60 ta o‘rin;
- Raqamli huquq — 50 ta o‘rin.
Har ikki yo‘nalish bo‘yicha huquqshunoslik fanlari va chet tilidan imtihon olinadi.
Islomiy moliya va davlat auditi yo‘nalishlari
So‘nggi yillarda iqtisodiyotda tobora dolzarblashayotgan islomiy moliya yo‘nalishi ham alohida mutaxassislik sifatida joriy etilmoqda.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida:
- Davlat auditi — 200 ta o‘rin;
- Islomiy moliya — 60 ta o‘rin ajratilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Islom iqtisodiyoti va moliyasi” yo‘nalishi bo‘yicha 15 nafar talaba qabul qilinadi.
Sharq tillari ro‘yxati kengaymoqda
Yangi o‘quv yilidan boshlab xitoy, pushtu, hind va urdu tillari bo‘yicha ham alohida ta’lim yo‘nalishlari ochiladi.
Qabul asosan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti, Jizzax davlat pedagogika universiteti hamda Termiz davlat universitetida amalga oshiriladi.
Mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha abituriyentlar chet tili hamda ona tili va adabiyot fanlaridan test topshiradi.
Qurilish sohasi uchun yangi mutaxassislar tayyorlanadi
Qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini ishlab chiqarish yo‘nalishi bo‘yicha jami 315 ta qabul kvotasi ajratildi.
Qabul:
- Toshkent arxitektura-qurilish universiteti;
- Jizzax politexnika instituti;
- Buxoro davlat texnika universiteti;
- Farg‘ona davlat texnika universiteti;
- Qoraqalpoq davlat universitetida amalga oshiriladi.
Mutaxassislar fikricha, yangi ta’lim yo‘nalishlari iqtisodiyotning raqamli transformatsiyasi, xalqaro hamkorlik va zamonaviy mehnat bozori ehtiyojlariga mos kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.