O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi 2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul parametrlarini tasdiqladi. Yangi o‘quv yilida axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlari uchun davlat grantlari soni 35 foizga oshiriladi.

Kll

Tasdiqlangan kvotalarga ko‘ra, bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakliga jami 155 ming 852 nafar abituriyent qabul qilinadi. Shundan 130 ming 843 ta o‘rin o‘zbek tiliga, 19 ming 341 tasi rus tiliga, 4 ming 888 tasi qoraqalpoq tiliga ajratilgan. Qolgan o‘rinlar qozoq, tojik, qirg‘iz va turkman tillaridagi ta’lim dasturlariga taqsimlangan.

Davlat komissiyasi ayrim toifadagi fuqarolar uchun qo‘shimcha grant kvotalarini ham tasdiqladi. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 2 foizlik, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun 1 foizlik, ichki ishlar organlari xodimlari farzandlari uchun 5 foizlik, bojxona organlari xodimlari farzandlari uchun 2 foizlik hamda “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan oilalar farzandlari uchun 10 foizlik grant kvotalari ajratildi.

Shuningdek, Qurolli Kuchlar va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining farzandlari uchun davlat grantlari hamda muddatli harbiy xizmatni o‘tab, tavsiyanomaga ega bo‘lgan fuqarolar uchun alohida 5 foizlik qabul ko‘rsatkichlari belgilandi.

Yangi o‘quv yilida kamida besh yillik mehnat stajiga ega xotin-qizlar uchun 2 ming 500 ta alohida to‘lov-kontrakt o‘rni ajratiladi. Bundan tashqari, xotin-qizlar uchun kunduzgi ta’lim shakliga qo‘shimcha 4 mingta davlat granti beriladi.

Qarorga muvofiq, bakalavriatning kechki ta’lim shakliga 28 ming 942 nafar, masofaviy ta’lim shakliga esa 20 ming 810 nafar abituriyent qabul qilinadi.

Natijada 2026/2027-o‘quv yili uchun bakalavriat bo‘yicha jami qabul kvotalari 205 ming 604 tani tashkil etdi. Shundan:

  • kunduzgi ta’lim — 155 852 ta;
  • kechki ta’lim — 28 942 ta;
  • masofaviy ta’lim — 20 810 ta.

Magistratura bosqichi uchun esa jami 22 ming 50 ta o‘rin ajratildi. Ularning 10 ming 340 tasi davlat granti, 11 ming 710 tasi esa to‘lov-kontrakt asosidagi o‘rinlardan iborat.

Shuningdek, maktabgacha ta’lim pedagoglari uchun dual ta’lim asosidagi qabul, xorijdagi yosh vatandoshlar uchun 30 ta davlat granti, Green University uchun 100 ta qo‘shimcha o‘rin hamda Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va Mo‘g‘uliston fuqarolari uchun grant asosidagi qabul ko‘rsatkichlari ham tasdiqlandi.