O‘zbekiston Prezidentining 26-noyabrdagi qarori bilan O‘zbek—fransuz universiteti tashkil etilishi belgilandi. Yangi oliy ta’lim muassasasi faoliyati O‘zbekiston qonunchiligi hamda Fransiya universitetlari konsorsiumi tavsiyalari asosida yo‘lga qo‘yiladi.

Ev

Qarorga ko‘ra, dastlab universitetda magistratura bosqichi ochiladi. Keyinchalik bakalavriat va doktorantura yo‘nalishlari bosqichma-bosqich joriy etiladi. Abituriyentlar uchun tayyorlov kursi ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Ta’lim jarayoni maqsadli davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida olib boriladi. Bitiruvchilarga O‘zbek—fransuz universitetining diplomidan tashqari, Fransiyada akkreditatsiyadan o‘tgan dasturlar bo‘yicha konsorsiumga kiruvchi tegishli Fransiya universitetlarining diplomlari ham beriladi. Mazkur diplomlar O‘zbekistonda tan olinadi.

Toshkentda bunday universitet ochish tashabbusi 2024-yil mart oyida ilk bor tilga olingan. O‘sha vaqtda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov va Fransiyaning elchisi Oreliya Bushez oliy ta’lim, professional ta’lim va ilmiy hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib borgan, universitetning o‘quv rejalarini ishlab chiqish, ta’lim dasturlarini yaratish va professor-o‘qituvchilarni jalb etish masalalari muhokama qilingandi.