Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi fuqarolarni o‘zbek populyatsiyasining kengaytirilgan genom tadqiqotida ishtirok etishga chorlamoqda.

Ma’lum qilinishicha, tadqiqot Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamkorligida olib borilmoqda. Loyiha shaxsiylashtirilgan tibbiyot yondashuvi asosida kasalliklarni erta tashxislash va davolash samaradorligini oshirish maqsadida o‘zbek populyatsiyasining genetik xususiyatlarini chuqur o‘rganishga qaratilgan.

Tadqiqotda 35 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan, O‘zbekiston fuqarosi va o‘zbek millatiga mansub shaxslar qatnashishi mumkin. Shuningdek, ishtirokchining ota-onasi ham o‘zbek millatiga mansub bo‘lishi talab etiladi. Nomzodlarda yurak-qon tomir, endokrin, autoimmun hamda onkologik kabi jiddiy kasalliklar bo‘lmasligi lozim.

Ishtirokchilar 15–20 daqiqalik anketa to‘ldirib, tahlil uchun qon namunasi topshiradi. Ular bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi: kardiolog ko‘rigidan tashqari qon biokimyosi, braxiosefal arteriyalar ultratovush tekshiruvi (BSA), EKG va Exo-KG kabi tekshiruvlar amalga oshiriladi.

Qayd etilishicha, Ilg‘or texnologiyalar markazi olimlari 2025-yil oktyabr oyida ilk bor inson genlarini to‘liq o‘qish va tahlil qilish bo‘yicha tadqiqot o‘tkazgan. Natijada o‘zbekistonliklarda xalqaro ilmiy manbalarda avval qayd etilmagan o‘nlab yangi gen o‘zgarishlari aniqlangan. Tadqiqotda qatnashgan bolalarning har ikkinchisida irsiy mutatsiyalar mavjudligi, 86 foizida esa kamida bitta “buzilgan” gen aniqlangani ma’lum bo‘lgan. Olimlar bu holat ayrim hududlarda qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar ulushi yuqoriligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.