O‘zbekistonda yashovchi doimiy aholi orasida o‘zbeklardan keyin eng ko‘p sonni tojik millatiga mansub fuqarolar tashkil etadi. Bu haqda Statistika qo‘mitasi raisi Behzod Hamrayev 30-iyun kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, aholini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalariga ko‘ra, mamlakatning doimiy aholisi soni 39 million 47 ming nafardan oshgan. Bu amaldagi demografik hisob-kitoblarga nisbatan 810 ming nafarga ko‘p.
Statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, aholining 34,9 million nafari yoki 89,4 foizini o‘zbeklar tashkil etadi. Millatlar kesimida keyingi o‘rinni qariyb 1,3 million kishi bilan tojiklar egallagan.
Shuningdek, mamlakatda:
- qoraqalpoqlar — 841,4 ming nafar;
- qozoqlar — 707,3 ming nafar;
- ruslar — 606,5 ming nafar;
- qirg‘izlar — 219,1 ming nafar;
- turkmanlar — 194,7 ming nafarni tashkil etadi.
Boshqa millatlarga mansub aholi soni esa 300 ming nafar ekani qayd etildi.
Ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, aholining 35,7 million nafari yoki 91,3 foizi o‘zbek tilini ona tili sifatida ko‘rsatgan. Bu ko‘rsatkich etnik o‘zbeklar ulushidan 1,9 foiz punktga yuqori.
Shuningdek, O‘zbekistonda bir yildan ortiq muddat yashayotgan 56 ming 860 nafar xorijiy fuqaro ro‘yxatga olingan. Ularning 19 ming 300 nafari Toshkent shahrida istiqomat qiladi.
Ro‘yxatga olingan xorijiy fuqarolar orasida eng ko‘p ulushni Hindiston fuqarolari egallagan — 13 ming 312 nafar. Keyingi o‘rinlarda Rossiya (10 ming 826 nafar), Qozog‘iston (9 ming 425 nafar), Tojikiston (5 ming 722 nafar), Turkmaniston (5 ming 347 nafar), Qirg‘iziston (4 ming 397 nafar), Pokiston (1 ming 433 nafar), Xitoy (1 ming 31 nafar), Turkiya (811 nafar) va Koreya Respublikasi (691 nafar) fuqarolari qayd etilgan. Boshqa davlatlar fuqarolari soni 3 ming 865 nafarni tashkil etgan.
Statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish jarayonida mamlakat aholisining 97,3 foizi qamrab olingan. Qolgan 2,7 foizi esa turli sabablarga ko‘ra ro‘yxatga olishda ishtirok etmagan.