“El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova Nyu-York shahrida BMTning Xalqaro fuqarolik xizmati komissiyasi (UN ICSC) raisi Larbi Jakta bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.

Uyjk

Jamg‘arma ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda komissiyaning Jamg‘arma va Boshqaruv samaradorligi agentligi bilan hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Tomonlar davlat boshqaruvi, fuqarolik xizmati va ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga kelishib oldilar. Dasturlar BMT tizimida davlat xizmatchilarining malakasini oshirish, tajriba almashish va ilmiy loyihalarni rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.

Uchrashuv yakunida hamkorlik haqida bitim imzolandi. Ushbu hujjat “El-yurt umidi” jamg‘armasi tarixida BMT tizimi tashkiloti bilan imzolangan ilk rasmiy hujjat bo‘lib, u BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi doirasida imzolanganligi bilan yanada ahamiyatli hisoblanadi.

Bitimga muvofiq, tomonlar davlat xizmatchilari va jamg‘arma stipendiatlari uchun qo‘shma dasturlar ishlab chiqadi, malaka oshirish, konferensiyalar, seminarlar va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etadi. Shuningdek, UN ICSC raqamli boshqaruv, inson resurslarini boshqarish va fuqarolik xizmati amaliyoti sohalarida texnik va ekspertlik yordamini ko‘rsatadi.

Mazkur hujjat O‘zbekistonda kadrlar tayyorlash va inson kapitalini rivojlantirish sohasida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.