Xalqaro iqtisodiyot va tinchlik instituti dunyoning 163 ta davlati va hududini qamrab olgan 2026-yilgi Global tinchlik indeksini e’lon qildi. Tadqiqot dunyo aholisining 99,7 foizini qamrab oladi.

Hisobotda davlatlarning tinchlik va xavfsizlik darajasi uchta asosiy yo‘nalish bo‘yicha baholangan. Bular jamiyatdagi xavfsizlik darajasi, ichki va tashqi mojarolar hamda harbiylashuv ko‘rsatkichlaridan iborat.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yetakchilar qatorida
Reytingga ko‘ra, O‘zbekiston 37-o‘rinni egallagan. Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari quyidagi natijalarni qayd etgan:
- Qozog‘iston — 44-o‘rin;
- Tojikiston — 47-o‘rin;
- Qirg‘iziston — 61-o‘rin;
- Turkmaniston — 66-o‘rin;
- Afg‘oniston — 157-o‘rin.
Hisobot mualliflari Markaziy Osiyoni nisbatan barqaror mintaqalardan biri sifatida baholagan. Mintaqa davlatlarining aksariyati reytingning xavfsizroq qismidan joy olgan.
Eng tinch davlatlar
Dunyoning eng tinch mamlakati deya ketma-ket yana Islandiya e’tirof etildi. Kuchli beshlikka shuningdek Yangi Zelandiya, Shveysariya, Sloveniya va Irlandiya kirdi.
Top-10 ro‘yxatidan Avstriya, Portugaliya, Singapur, Finlyandiya va Yaponiya ham o‘rin oldi.
Eng xavfli davlatlar
Hisobotga ko‘ra, dunyoning eng xavfli besh davlati quyidagilar bo‘ldi:
- Isroil;
- Ukraina;
- Kongo Demokratik Respublikasi;
- Sudan;
- Rossiya.
Hisobotda qayd etilishicha, global tinchlik darajasi indeks kuzatila boshlagan davrdan buyon eng past ko‘rsatkichlardan biriga tushgan. Shuningdek, dunyoda urush va mojarolar xavfi Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yuqori darajalardan birida saqlanib qolmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, hozirda dunyo davlatlarining 73 foizida, ya’ni 119 mamlakatda tinchlik va xavfsizlik ko‘rsatkichlari 2007-yildagiga nisbatan yomonlashgan. Global mojarolar oqibatida halok bo‘lganlar soni ham yuqori darajada qolmoqda. 2025-yilda dunyo bo‘ylab qurolli mojarolarda 181 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.