Gruziya poytaxti Tbilisida 3-iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze boshchiligidagi delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakunida O‘zbekistonning Gruziyadagi elchixonasini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Muzokaralarda 2026-yilda O‘zbekistonda qo‘shma ta’lim va turizm forumlarini o‘tkazish masalasi ham kelishib olindi.
Tomonlar madaniy-gumanitar aloqalar rivojlanayotganini qayd etdi. Xususan, 2026-yil mart oyida Toshkentda Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani eslatildi.
Shavkat Mirziyoyev Gruziya tomoniga Tbilisidagi bog‘lardan biriga buyuk mutafakkir Alisher Navoiy nomini berish to‘g‘risida qaror qabul qilingani uchun minnatdorlik bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, muzokaralarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida qo‘shma “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.
O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1994-yil 19-avgustda o‘rnatilgan. Hozirda Gruziyaning O‘zbekistondagi elchixonasi Toshkent shahrida faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston esa shu paytgacha Gruziya bilan diplomatik munosabatlarni Bokudagi elchixonasi orqali olib borgan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2-iyul kuni davlat tashrifi bilan Gruziyaga bordi. Tashrif doirasida u Gruziya prezidenti Mixail Kavelashvili bilan muzokaralar o‘tkazdi hamda mamlakatning oliy davlat mukofoti — “Oltin mo‘yna” ordeni bilan taqdirlandi.
3-iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Tbilisidagi Qahramonlar maydoniga tashrif buyurib, Gruziya birligi uchun halok bo‘lgan qahramonlar xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik poyiga gulchambar qo‘ydi.