O‘zbekiston 2025-yilgi mamlakatlar reytingida aholining IQ o‘rtacha darajasi bo‘yicha 126 mamlakat ichida 70-o‘rinni egalladi.

International IQ Test ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat aholisi intellektuallik koeffitsiyenti o‘rtacha 96,8 ni tashkil etdi. Bu o‘tgan yildagi (94,5) ko‘rsatkichdan yuqori, biroq jahon bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich — 100 dan pastdir.

MDH davlatlari orasida Rossiya (103,2), Armaniston (102,6), Belarus (98,7), Ozarbayjon (98,7) va Mo‘g‘uliston (97,3) O‘zbekistondan yuqori o‘rinlarda qayd etilgan. Ukraina (95,4), Qirg‘iziston (94,9) va Tojikiston (93,6) esa pastroq ko‘rsatkichlarga ega.

Dunyo miqyosida eng yuqori IQ darajasi Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Eron va Singapurda qayd etilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkichlar Gabon, Angola va Beninda kuzatildi.

Mazkur reyting 2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab bir xil IQ testini topshirgan 1 million 352 ming 763 kishining natijalari asosida tuzilgan. Reyting har yili yangilanadi.

IQ (intelligence quotient) — intellektuallik koeffitsiyenti bo‘lib, insonning turli test uslublari asosida aniqlanadigan aqliy rivojlanish darajasini ifodalaydi. Ushbu test tizimlari g‘oyasini ilk bor fransuz psixologi Alfred Bine ishlab chiqqan.