O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayoni doirasida bozorga kirish bo‘yicha Hindiston bilan muzokaralarni yakunlash to‘g‘risidagi bayonnomani imzoladi. Bu haqda prezidentning JST masalalari bo‘yicha vakili va bosh muzokarachi Azizbek O‘runov ma’lum qildi.

Azizbek O‘runovning bildirishicha, Hindiston tomoni bilan mazkur kelishuvlarga 2024-yilda erishilgan.
Uning qayd etishicha, bayonnoma matnini texnik jihatdan tekshirish va Hindiston tomoni bilan yakuniy muvofiqlashtirish muayyan sa’y-harakatlarni talab qilgan.
“Bayonnomaning texnik tekshiruvi va matnini Hindiston tomoni bilan muvofiqlashtirish uchun muayyan sa’y-harakatlar talab etildi. Shu bilan birga, bozorga kirish masalasida Hindiston juda konstruktiv yondashdi”, dedi prezident vakili.
Bosh muzokarachi O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini qo‘llab-quvvatlagani uchun Hindistonga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, bu borada O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Sardor Rustamboyev hamda Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Smita Pantning hissasini alohida qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil fevralida Azizbek O‘runov O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish muddati mart oyidan keyinga surilishi mumkinligini ma’lum qilgandi. U bunga ayrim mamlakatlar hujjatlarni ko‘rib chiqish jarayonini ortga surayotganini sabab sifatida ko‘rsatgan. Bosh muzokarachi ta’kidlashicha, agar qaror faqat O‘zbekistonga bog‘liq bo‘lganida, mamlakat mart oyidayoq tashkilotga a’zo bo‘lishga tayyor edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-may kuni O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoniga oid taqdimot bilan tanishar ekan, ushbu yo‘nalishdagi kompleks ishlarni 2026-yilda sifatli yakunlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar bergan edi.