Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Buyuk Britaniyaga tashrifi davomida “Uxbridge College” akademiyasida boʻldi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Akademiya rahbariyati bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda Britaniya professional taʼlim tizimi tajribasini Oʻzbekistonda joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar oʻzaro hamkorlik doirasida Oʻzbekistonda yoshlar uchun Britaniya standartlari asosida qisqa va uzoq muddatli taʼlim dasturlarini tashkil etishga kelishib oldilar. Shu maqsadda mamlakatimizga Britaniyadan bir qator mutaxassisliklar boʻyicha kasb oʻqituvchilari va ustalarini jalb etish rejalashtirilgan.
Maʼlumot oʻrnida, “Uxbridge College” London shahridagi eng yirik taʼlim muassasalaridan biri boʻlib, bu yerda 18 mingdan ortiq talaba taʼlim oladi. Kollej qurilish, muhandislik, payvandlash, santexnika, temirchilik, tibbiyot, turizm, dizayn, IT va bemorlarni parvarishlash kabi yoʻnalishlarda keng koʻlamli dasturlarni taklif etadi.