8–15 sentyabr kunlari Koreyaning Geonggi provinsiyasi Gvangju shahrida Koreya armiyasi Maxsus operatsiya kuchlari qo‘mondonligi tomonidan tashkil etilgan “II Xalqaro merganlar musobaqasi” bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar berdi.

Nyh

Musobaqada 10 davlatdan jami 54 ta jamoa ishtirok etdi. Ular orasida O‘zbekiston, AQSh, Germaniya, Ruminiya, BAA, Qatar, Vetnam, Tailand, Mongoliya hamda Janubiy Koreya merganlari bor edi. Bellashuv sharoitida ishtirokchilardan shahar, tog‘ va o‘rmon hududida turli masofadagi nishonlarga aniq o‘q otish, noqulay vaziyatlarda harakatlanish, jang maydonida taktik tibbiyot qo‘llash hamda turli qurollardan mohirona foydalanish talab qilindi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi xorijiy davlatlarning 16 ta jamoasi orasida faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

1-o‘rin — O‘zbekiston (539,5 ball)
2-o‘rin — Vetnam (534,7 ball)
3-o‘rin — AQSh (519,0 ball)

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili o‘tkazilgan “I Xalqaro merganlar musobaqasi”da O‘zbekiston jamoasi faxrli ikkinchi o‘rinni egallagan edi.

Bugun, 17 sentyabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida musobaqa g‘oliblari tantanali kutib olindi. Marosimda Mudofaa vazirligi rahbariyati, harbiy xizmatchilarning yaqinlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.